Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi: davlat xaridlari sohasida davlat siyosati shakllanishi va amalga oshirilishini taʼminlaydi; davlat xaridlari sohasida budjet tizimi budjetlari mablagʻlaridan oqilona foydalanish, xarid qilish tartib-taomillari turlarini takomillashtirish va ularning qoʻllanilishini kengaytirish, shuningdek tadbirkorlik subyektlarining keng ishtirokini taʼminlash yuzasidan choralar koʻradi; davlat buyurtmachilarining davlat xaridlari sohasidagi faoliyati ustidan nazorat boʻyicha ishlarni muvofiqlashtiradi; xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilarining takliflarini baholash va taqqoslash usullarini hamda mezonlarini, shuningdek ular oʻtkazilishini tashkil etish tartibini belgilaydi; xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilari tomonidan eng yaxshi takliflarni tanlab olish tenderda va ikki bosqichli davlat xaridlarida ishtirok etish uchun elektron shaklda takliflar berish tartibini belgilaydi; malakali ishtirokchilar oʻrtasida dastlabki malaka tanlovini va xarid qilish tartib-taomillarini oʻtkazish tartibini belgilaydi; markazlashgan davlat xaridlarini amalga oshirish tartibini va markazlashgan xarid organini belgilaydi; hadli kelishuv tuzish tartibini belgilaydi; Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya tarkibini tasdiqlaydi, shuningdek kelib tushgan shikoyatlarni u tomonidan koʻrib chiqish tartibini belgilaydi; davlat xaridlari sohasidagi davlat dasturlarining ishlab chiqilishini, tasdiqlanishini va amalga oshirilishini taʼminlaydi.