Davlat buyurtmachisi zarur boʻlganda tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) oʻziga xos xossalaridan yoki xususiyatlaridan kelib chiqqan holda ishtirokchilarga qoʻshimcha talablar belgilashga haqli. Ishtirokchilarga qoʻyiladigan qoʻshimcha talablar davlat xaridlarining asosiy prinsiplarga zid boʻlmasligi kerak. Davlat xaridi toʻgʻrisidagi axborotda ishtirokchilarga qoʻyiladigan qoʻshimcha talablar ushbu axborot eʼlon qilingan paytda koʻrsatilgan boʻlishi kerak. Ishtirokchilarga qoʻshimcha talablar qoʻyiladigan davlat xaridida ishtirok etish uchun ishtirokchilar dastlabki malaka tanlovidan oʻtadi. Davlat buyurtmachilari tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) ayrim toifalarini yetkazib berishga doir dastlabki malaka tanlovidan oʻtgan malakali ishtirokchilarning roʻyxatini yuritishi mumkin. Eng yaxshi takliflarni tanlash, tender va ikki bosqichli davlat xaridlari jarayonida xarid qilish hujjatlarida nazarda tutilgan dastlabki malaka tanlovidan oʻtish toʻgʻrisidagi talab mazkur roʻyxatga kiritilgan ishtirokchilarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Davlat buyurtmachilari tomonidan ushbu roʻyxat yuritilishi toʻgʻrisidagi axborot maxsus axborot portalida eʼlon qilinadi va har olti oyda kamida bir marta yangilanadi. Mazkur roʻyxatga kiritish talablariga yoki shartlariga kiritilgan har qanday oʻzgartirishlar toʻgʻrisidagi axborot bunday oʻzgartirishlar kiritilgan kundan eʼtiboran bir ish kuni ichida maxsus axborot portaliga joylashtirilishi hamda ushbu roʻyxatga kiritilgan barcha ishtirokchilarga yetkazilishi kerak. Malakali ishtirokchilar oʻrtasida dastlabki malaka tanlovini va xarid qilish tartib-taomillarini oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.