Davlat xaridlari toʻgʻrisida 48-modda. Insofsiz ijrochilarning yagona reyestri

Insofsiz ijrochilarning yagona reyestri vakolatli organ tomonidan shakllantiriladigan roʻyxatdan iborat boʻlib, unga quyidagi maʼlumotlar kiritiladi: xarid qilish tartib-taomillari yakunlari boʻyicha belgilangan shartlar asosida davlat buyurtmachisi bilan shartnoma tuzishni va davlat xaridlarini amalga oshirishni rad etgan yoki boshqacha usulda boʻyin tovlagan xarid qilish tartib-taomillari gʻoliblari toʻgʻrisidagi; majburiyatlarni bajarmaganlikda yoxud tegishli tarzda bajarmaganlikda belgilangan tartibda aybdor deb topilgan ijrochilar haqidagi, bundan majburiyatlar bartaraf etib boʻlmaydigan kuchlar oqibatida bajarilmagan yoki tegishli tarzda bajarilmagan hollar mustasno; davlat xaridlari jarayonida yolgʻon yoki soxta hujjatlarni taqdim etgan, ayni bitta lotda ishtirok etgan affillangan shaxslar yoki manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida maʼlumotlarni ochib bermagan ishtirokchilar toʻgʻrisidagi; sudning qaroriga koʻra firibgarlik, soxtalashtirish va korrupsiya bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan ijrochilar toʻgʻrisidagi. Insofsiz ijrochilarning yagona reyestriga kiritilgan ijrochining ikki yil davomida davlat xaridlarida ishtirok etishi mumkin emas, bu muddat tugaganidan keyin ijrochi Insofsiz ijrochilarning yagona reyestridan chiqarilgan hisoblanadi. Ijrochilar Insofsiz ijrochilarning yagona reyestriga kiritish toʻgʻrisidagi qaror ustidan sud tartibida shikoyat qilishga haqli. Insofsiz ijrochilarning yagona reyestrini shakllantirish tartibi vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadi.