Davlat xaridlari toʻgʻrisida 53-modda. Auksion oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlon

Auksion faqat elektron shaklda oʻtkaziladi. Auksionda ishtirok etish uchun davlat buyurtmachisi maxsus axborot portali orqali davlat xaridlarining elektron tizimiga eʼlon joylashtiradi. Auksion oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlon u amalga oshirilishidan kamida besh ish kuni avval joylashtirilishi kerak. Auksion oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlonda quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak: davlat buyurtmachisining nomi va manzili; auksionning birinchi va oxirgi kuni (auksion oʻtkaziladigan davr); auksion predmetining boshlangʻich narxi; auksion predmeti va uning xususiyati (auksion predmetining tasnifi); tovarning miqdori; tovarlarni yetkazib berish muddatlari va shartlari; tovarlar yetkazib beriladigan joy (manzil); tovarning amaldagi standart talabiga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjat mavjudligi haqidagi talab; tovar majburiy sertifikatlashtirilishi talab etiladigan hollarda, muvofiqlik sertifikati va sanitariya-epidemiologik xulosa mavjudligi toʻgʻrisidagi talab; zarur boʻlganda, litsenziya, ruxsat etish xususiyatiga ega boshqa hujjat yoxud faoliyatni boshlagani haqidagi xabarnoma mavjudligi toʻgʻrisidagi talab; tovarning oʻziga xos xususiy parametrlarini ifodalovchi shartlar. Auksion oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlonning va davlat buyurtmachisi buyurtmanomasining matniga auksion predmetiga taalluqli boʻlmagan va ishtirokchilar oʻrtasida raqobatni cheklaydigan talablarni kiritish taqiqlanadi. Maxsus axborot portali orqali davlat xaridlarining elektron tizimiga joylashtirilgan auksion oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlon avtomatik ravishda davlat buyurtmachisining buyurtmanomasi etib oʻzgartiriladi.