Tanlash natijalariga doir shartnoma tanlash boʻyicha xarid qilish hujjatlarida va oʻzi bilan shartnoma tuzilayotgan tanlash ishtirokchisi tomonidan taqdim etilgan taklifda nazarda tutilgan shartlar asosida davlat xaridlarining elektron tizimi tomonidan avtomatik tarzda shakllantiriladi. Davlat buyurtmachisi tomonidan tanlash boʻyicha xarid qilish hujjatlarida gʻolib shartnomaning shartlari bajarilishi taʼminotini taqdim etganidan keyin shartnoma tuzilishini nazarda tutuvchi shart qoʻyilishi mumkin. Gʻolib shartnoma tuzishni rad etgan taqdirda unga zakalat summasi qaytarib berilmaydi. Agar xarid komissiyasi tomonidan zaxiradagi gʻolib aniqlangan boʻlsa, shartnoma tuzish va unga doir majburiyatlarni bajarish huquqi zaxiradagi gʻolibga oʻtadi. Bunda zaxiradagi gʻolib gʻolib tomonidan taklif etilgan narx boʻyicha (bundan zaxiradagi gʻolib taklif etgan narx gʻolib tomonidan taklif etilgan narxdan past boʻlgan hollar mustasno) shartnoma tuzadi yoki shartnoma tuzishni rad etishi mumkin. Agar xarid komissiyasi tomonidan zaxiradagi gʻolib aniqlanmagan boʻlsa yoki zaxiradagi gʻolib shartnoma tuzishni rad etgan boʻlsa, davlat buyurtmachisi ushbu Qonun talablariga muvofiq yangi tanlash oʻtkazishi yoxud elektron doʻkon (ushbu Qonunning 49-moddasida belgilangan mezonlar doirasida) yoki kichik qiymatli xaridning soddalashtirilgan tartib-taomili yoxud auksion orqali xaridni amalga oshirishi mumkin.