Ikki bosqichli davlat xaridlari toʻgʻrisidagi axborot davlat buyurtmachisi tomonidan cheklanmagan miqdordagi shaxslarga maxsus axborot portali orqali davlat xaridlarining elektron tizimiga, shuningdek davlat buyurtmachisining xohishiga koʻra uning rasmiy veb-saytiga yoki uning yuqori turuvchi organining rasmiy veb-saytiga, shuningdek ommaviy axborot vositalariga xaridlarni oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonni va xarid boʻyicha xarid qilish hujjatlarini joylashtirish yoʻli bilan maʼlum qilinadi. Ikki bosqichli davlat xaridlari oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlon faqat xarid qilish hujjatlari yuzasidan Kompleks ekspertiza qilish markazining ijobiy xulosasi olinganidan keyin joylashtiriladi. Ikki bosqichli davlat xaridlari oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlon va xarid qilish hujjatlari davlat buyurtmachisi tomonidan har bir bosqich boʻyicha takliflarni qabul qilish muddati tugaydigan sanadan kamida yigirma ish kuni oldin maxsus axborot portali orqali davlat xaridlarining elektron tizimiga, shuningdek davlat buyurtmachisining xohishiga koʻra, uning rasmiy veb-saytiga yoki uning yuqori turuvchi organining rasmiy veb-saytiga, shuningdek ommaviy axborot vositalariga joylashtiriladi.