Davlat xaridlari toʻgʻrisida 74-modda. Davlat xaridlari sohasidagi monitoring va nazorat

Davlat xaridlari sohasidagi monitoring davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishini, davlat xaridlarining ushbu Qonunda belgilangan maqsadlari, prinsiplari va cheklovlari amalga oshirilishini davlat xaridlarining oʻtkazilishi haqidagi axborotni toʻplash, umumlashtirish, tizimlashtirish va baholash orqali doimiy asosda kuzatish tizimidir. Davlat xaridlari sohasidagi nazorat mazkur sohadagi qonunchilik talablari buzilishining oldini olish, uni aniqlash va unga chek qoʻyishga qaratilgan chora-tadbirlar tizimidir. Qonunchilikda belgilangan tartibda statistik va boshqa axborotni taqqoslash hamda tahlil qilish orqali amalga oshiriladigan tekshirishlar davlat organlarining davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etishi ustidan nazorat qilishning asosiy shaklidir. Davlat xaridlari sohasidagi monitoring va nazorat tegishli vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi. Davlat xaridlarini amalga oshiruvchi davlat organlari oʻz tasarrufidagi davlat buyurtmachilari tomonidan amalga oshirilgan davlat xaridlari boʻyicha monitoring va nazorat oʻtkazishga haqlidir. Xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va oʻtkazish chogʻida qonunchilikda nazarda tutilmagan tekshirishlar oʻtkazilishiga va hisobot berish shakllarini talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.