Elektron tijorat sohasidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarga tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishda elektron hisobvaraq-faktura rasmiylashtiriladi. Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) xoʻjalik yurituvchi subyektlarga realizatsiya qilish oʻzaro hisob-kitoblar toʻgʻrisidagi axborotni soliq organlariga onlayn rejimda uzatish imkonini beruvchi virtual kassadan majburiy foydalanish vositasida amalga oshiriladi. Elektron tijorat sohasida toʻlovlarni elektron toʻlov vositalaridan foydalangan holda amalga oshirishda virtual kassaning elektron cheki xaridorga mablagʻlarni oluvchi koʻrsatilgan holda xaridorning abonent raqamiga yoki xaridor koʻrsatgan elektron pochta manziliga yoxud xaridorning shaxsiy kabinetiga yuborilishi kerak. Elektron tijorat sohasida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib berishga doir xizmatlar koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga belgilangan tartibda keyinchalik inkassatsiya qilish sharti bilan uchinchi shaxslar (sotuvchilar) uchun toʻlovni qabul qilish huquqi beriladi.