Agar shartnoma tovarni yetkazib berish sharti bilan tuzilgan boʻlsa, sotuvchi tovarni xaridor tomonidan koʻrsatilgan joyga shartnomada belgilangan muddatlarda yetkazib berishi shart. Tovarlarni shartnomada koʻrsatilgan joyga yetkazib berish uchun sotuvchi: yetkazib berishni oʻziga tegishli boʻlgan transport vositasida mustaqil ravishda amalga oshirishi (bundan qonunchilikda belgilangan hollar mustasno); tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib berish xizmatlarini koʻrsatish huquqiga ega boʻlgan yetkazib berish xizmatlaridan foydalanishi; yetkazib berishning qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa usullaridan foydalanishi mumkin. Qonunchilikka muvofiq yuk xatini rasmiylashtirish talab etiladigan hollarda elektron tijoratda tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib berish faqat elektron tarzda shakllantirilgan yuk xati boʻyicha amalga oshiriladi. Agar shartnomada tovarni yetkazib berish muddati koʻrsatilmagan boʻlsa va mazkur muddatni aniqlash mumkin boʻlmasa, tovar xaridor tomonidan aksept qabul qilingan paytdan eʼtiboran oʻttiz kundan oshmaydigan muddatda yetkazib berilishi kerak. Sotuvchi tomonidan tovarni xaridorga yetkazib berish muddatlari buzilgan taqdirda, sotuvchi qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladi. Agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, sotuvchi xaridorga tovarni yetkazib berishi va bir vaqtning oʻzida qonunchilikda nazarda tutilgan tegishli hujjatlarni (texnik pasportni, sifat sertifikatini, qoʻllashga doir yoʻriqnomani) taqdim etishi shart. Agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, tovar xaridorga yoki shartnoma tuzilganligi yoxud tovarni yetkazib berish rasmiylashtirilganligi toʻgʻrisida guvohlik beradigan kvitansiyani yoki boshqa hujjatni taqdim etgan har qanday shaxsga topshirilgan paytdan eʼtiboran chakana oldi-sotdi shartnomasi sotuvchi tomonidan bajarilgan deb hisoblanadi.