Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida 10-modda. Sogʻliqni saqlashning xususiy va boshqa xil tizimlari

Sogʻliqni saqlashning xususiy va boshqa xil tizimlari jumlasiga oʻz mablagʻlari, jalb etilgan mablagʻlar va qonunchilikka muvofiq boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan davolash-profilaktika muassasalari, dorixonalar, dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ishlab chiqaradigan korxonalar, shuningdek farmatsevtika faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslar kiradi. Sogʻliqni saqlashning xususiy va boshqa xil tizimlariga taalluqli davolash-profilaktika muassasalari fuqarolarning ayrim guruhlariga bepul tibbiy xizmat koʻrsatadilar. Bunday xizmatlarning hajmi, roʻyxati, ularni koʻrsatish tartibi hamda kompensatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Sogʻliqni saqlashning xususiy va boshqa xil tizimlarida faqat qonunchilikda belgilangan tartibda qoʻllanilishiga ruxsat etilgan profilaktika, tashxis qoʻyish hamda davolash vositalaridan foydalaniladi. Sogʻliqni saqlashning xususiy va boshqa xil tizimlari belgilangan tartibda tibbiy hujjatlarni yuritishi hamda statistika maʼlumotlarini taqdim etishi shart.