Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida 17-modda. Ayrim turdagi kasb-kor bilan shugʻullanuvchi fuqarolarning sogʻligʻini saqlash

Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash, yuqumli va kasb kasalliklarining oldini olish maqsadida roʻyxatini Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tasdiqlaydigan ishlab chiqarishlar hamda ayrim kasblarning xodimlari ishga kirish vaqtida dastlabki majburiy tibbiy koʻrikdan hamda keyinchalik vaqti-vaqti bilan tibbiy koʻrikdan oʻtadilar. Sogʻligʻining holatiga koʻra fuqaro ayrim turdagi kasb-kor hamda yuqori darajali xavf manbai boʻlgan faoliyat bilan shugʻullanishga vaqtincha yoki doimiy layoqatsiz deb topilishi mumkin. Bunday qaror tibbiyot nuqtai nazaridan shugʻullanish nomaqbul deb topilgan faoliyatlar roʻyxatiga muvofiq holda tibbiy komissiyalar chiqargan xulosa asosida qabul qilinadi va uning ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Tibbiyot nuqtai nazaridan shugʻullanish nomaqbul deb topilgan ayrim turdagi kasb-kor va yuqori darajada xavfli manba bilan bogʻliq faoliyatlar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan birgalikda belgilanadi hamda besh yilda kamida bir marta qayta koʻrib chiqiladi. Ish beruvchilar oʻz xodimlarining majburiy tibbiy koʻrikdan oʻz vaqtida oʻtishi uchun va majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtmagan shaxslarni ishga qoʻyish natijasida fuqarolarning sogʻligʻiga yetkazilgan zararli oqibatlar uchun javobgar boʻladilar.