Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida 30-modda. Shoshilinch va tez tibbiy yordam

Fuqarolar sogʻliqni saqlash tizimining har qanday davolash-profilaktika muassasasida shoshilinch tibbiy yordam olish huquqiga ega. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari fuqarolarga shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatishlari shart. Ular shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatishdan boʻyin tovlaganlik, shuningdek fuqarolarning sogʻligʻiga yetkazilgan zarar uchun qonunga muvofiq javobgar boʻladilar. Tez tibbiy yordam sogʻliqni saqlash tizimining maxsus tez tibbiy yordam xizmati tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi belgilagan tartibda koʻrsatiladi. Fuqaroning hayoti xavf ostida boʻlgan taqdirda tibbiyot xodimlari uni davolash-profilaktika muassasasiga olib borish uchun har qanday transport turidan foydalanish huquqiga ega. Ichki ishlar organlari, yongʻindan saqlash, avariya xizmatlari, transport tashkilotlari xodimlari, shuningdek boshqa kasb-kor vakillari tibbiyot xodimlari yetib kelgunga qadar voqea sodir boʻlgan joyda qonunchilikka binoan zimmalariga yuklatilgan birlamchi shoshilinch yordamni koʻrsatishlari shart.