Oʻzbekiston Respublikasida tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan shugʻullanish huquqiga oliy yoki oʻrta maxsus tibbiyot oʻquv yurtini tamomlaganlik toʻgʻrisida diplom olgan shaxslar ega boʻladilar. Tibbiy maʼlumotga ega boʻlmagan shaxslar ham Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat koʻrsatish faoliyatini litsenziyalash boʻyicha maxsus komissiyaning xulosasi asosida xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy faoliyat bilan shugʻullanish huquqiga ega boʻladilar. Tibbiyot va farmatsevtika maʼlumoti toʻgʻrisidagi diplomni xorijiy davlatlarda olgan shaxslarning tibbiyot yoki farmatsevtika faoliyati bilan shugʻullanishiga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda yoʻl qoʻyiladi. Oʻz kasbi boʻyicha uch yildan koʻp ishlamagan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining tegishli faoliyat bilan shugʻullanishiga tegishli oʻquv yurtlarida qayta tayyorgarlikdan oʻtganlaridan keyin yoki Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining attestatsiya komissiyalari oʻtkazadigan attestatsiya asosida yoʻl qoʻyiladi. Tibbiyot yoki farmatsevtika sohasida tugallanmagan oliy maʼlumoti boʻlgan shaxslarning tibbiyot sohasida oʻrta maʼlumoti boʻlgan xodimlar ishlaydigan lavozimlarda tibbiyot yoki farmatsevtika faoliyati bilan shugʻullanishiga Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda yoʻl qoʻyiladi. Oliy va oʻrta maxsus tibbiyot oʻquv yurtlari talabalarining fuqarolarga tibbiy yordam koʻrsatishda taʼlim dasturlariga muvofiq qatnashishiga tibbiyot xodimlari nazorati ostida, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda yoʻl qoʻyiladi. Gʻayriqonuniy ravishda tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxslar qonunga muvofiq javobgar boʻladilar.