Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida 44-modda. Oʻzbekiston Respublikasi shifokorining qasamyodi

Shifokor diplomini olayotgan shaxslar quyidagi mazmunda qasamyod qabul qiladi: “Shifokor degan yuksak unvonni olib, tibbiyot faoliyatiga kirishar ekanman: oʻzimning bor bilim va mahoratimni bemorni davolashga hamda inson sogʻligʻini saqlashga bagʻishlashga; yoshi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi va ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar, har bir bemorga kuch-gʻayratim va vaqtimni ayamay tibbiy yordam koʻrsatishga; bemorning sogʻligʻini shaxsiy manfaatlarimdan yuqori qoʻyishga, kamtar va halol boʻlishga, oʻz bilim va mahoratimni doimo oshirib borishga; shifokor sirini saqlashga; kishilarga hamisha mehr-muruvvat va shifo topishlariga ishonch hadya etishga; Buqrot, Abu Ali ibn Sino singari ulugʻ tabiblarning shonli anʼanalarini davom ettirishga tantanali qasamyod qilaman. Ushbu qasamyodga umrimning oxirigacha sodiq qolishga qasamyod qilaman”. Shifokorlar qasamyodni buzganlik uchun qonunda belgilangan javobgarlikka tortiladilar.