Fuqarolarning sogʻligʻiga zarar yetkazilgan hollarda aybdorlar jabrlanganlar koʻrgan zarar oʻrnini qonunchilikda belgilangan hajm va tartibda qoplashlari shart. Gʻayriqonuniy xatti-harakatlardan jabr koʻrgan fuqarolarga tibbiy yordam koʻrsatishga sarflangan mablagʻlar ularning sogʻligʻiga yetkazilgan zarar uchun javobgar boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslardan undiriladi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari oʻz kasb-kor vazifalarini malakali bajarmaganliklari oqibatida fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga zarar yetgan hollarda yetkazilgan zarar oʻrni qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanadi. Zararning oʻrnini qoplash tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qonunga muvofiq intizomiy, maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikdan ozod etmaydi.