Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida 8-modda. Davlat sogʻliqni saqlash tizimi

Davlat sogʻliqni saqlash tizimiga Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar, Toshkent shahar sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari, ularning shahar va tuman boʻlinmalari kiradi. Davlat sogʻliqni saqlash tizimiga davlat mulki boʻlgan va davlat sogʻliqni saqlash tizimining boshqaruv organlariga boʻysunuvchi davolash-profilaktika va ilmiy-tadqiqot muassasalari, tibbiyot va farmatsevtika xodimlari tayyorlaydigan hamda ularni qayta tayyorgarlikdan oʻtkazadigan taʼlim tashkilotlari, farmatsevtika korxonalari va tashkilotlari, sanitariya-profilaktika muassasalari, sud-tibbiy ekspertiza muassasalari, dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ishlab chiqaradigan korxonalar hamda asosiy faoliyati fuqarolar sogʻligʻini saqlash bilan bogʻliq boshqa korxona, muassasa va tashkilotlar kiradi. Ilmiy-tadqiqot institutlarining klinikalari, vazirliklar, idoralar, davlat muassasa va tashkilotlari barpo etadigan davolash-profilaktika muassasalari va dorixonalar davlat sogʻliqni saqlash tizimiga kiradi. Davlat sogʻliqni saqlash tizimining davolash-profilaktika muassasalari aholiga davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy yordam koʻrsatadi. Bepul tibbiy yordam koʻrasatish hajmi va tartibi qonunchilik bilan belgilanadi. Davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam hajmining belgilangandan ortiqcha tibbiy va boshqa xil xizmatlar koʻrsatish qoʻshimcha xizmatlar boʻlib, aholi tomonidan belgilangan tartibda haq toʻlanadi.