Ariza qabul qilib olingan kun yoki soʻrovnoma kelib tushgan kun pensiya tayinlashni soʻrab murojaat etilgan kun deb hisoblanadi. Arizaga barcha zarur hujjatlar ilova qilinmagan yoki axborot tizimlarida zarur maʼlumotlar mavjud boʻlmagan hollarda, Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi murojaatchiga qoʻshimcha ravishda qaysi hujjatlar yoki maʼlumotlar taqdim etilishi kerakligi haqida xabar qiladi. Basharti ular qoʻshimcha hujjatlar yoki maʼlumotlar taqdim etilishi zarurligi haqidagi xabarnoma olingan kundan eʼtiboran uch oy ichida taqdim etilsa, pensiya tayinlanishi toʻgʻrisidagi ariza yoki soʻrovnoma qabul qilingan kun pensiya tayinlashni soʻrab murojaat etilgan kun deb hisoblanadi.