Agar nogironligi boʻlgan shaxs uzrsiz sababga koʻra belgilangan muddatda qayta koʻrikdan oʻtish uchun tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasiga bormagan boʻlsa, unga pensiya toʻlash toʻxtatib turiladi, u yana nogironligi boʻlgan shaxs deb tan olingan taqdirda esa toʻxtatib turilgan kundan eʼtiboran, lekin koʻpi bilan bir oy oldin pensiyani toʻlash qayta tiklanadi. Qayta koʻrikdan oʻtish muddati uzrli sababga koʻra oʻtkazib yuborilganda, agar tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi uni ana shu davrda nogironligi boʻlgan shaxs deb topsa, pensiya toʻlash toʻlov toʻxtatib turilgan kundan eʼtiboran to qayta koʻrikdan oʻtish kunigacha, lekin koʻpi bilan uch yil uchun amalga oshiriladi. Bunda, agar nogironligi boʻlgan shaxs qayta koʻrikdan oʻtkazish chogʻida nogironlikning boshqa guruhiga (yuqori yoki past guruhga) oʻtkazilgan boʻlsa, pensiya koʻrsatib oʻtilgan vaqt uchun avvalgi guruh boʻyicha toʻlanadi. Agar umumiy kasallik oqibatida mehnat qobiliyatini yoʻqotgan nogironligi boʻlgan shaxsga mehnat qobiliyati tiklanganligi sababli pensiya toʻlash toʻxtatilgan yoki u qayta koʻrikdan oʻtish uchun uzrsiz sabablarga koʻra kelmaganligi oqibatida toʻxtatib turilgan boʻlsa, keyinchalik u yana nogironligi boʻlgan shaxs deb tan olingan taqdirda, basharti pensiyani toʻlash toʻxtatilganidan keyin besh yildan ortiq vaqt oʻtmagan boʻlsa, ilgari tayinlangan pensiyani toʻlash nogironlik belgilangan kundan eʼtiboran yangitdan qayta tiklanadi. Agar besh yildan ortiq vaqt oʻtgan boʻlsa, pensiya umumiy asoslarda yangitdan tayinlanadi.