Ushbu Qonunga muvofiq tayinlangan pensiyalarni toʻlash Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi. Pensiya jamgʻarmasini shakllantirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi bilan belgilanadi. Pensiyalarni toʻlash uchun Pensiya jamgʻarmasiga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan transfertlar ajratilishi mumkin. Mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, korxonalar va tashkilotlar: boquvchisini yoʻqotganlik uchun, shuningdek xodimning mehnat vazifalarini bajarishi bilan bogʻliq holda mehnatda mayiblanganligi yoki kasb kasalligiga uchraganligi oqibatidagi nogironlik uchun; xodim ushbu Qonunning 7-moddasida nazarda tutilgan pensiya yoshiga toʻlguniga qadar mazkur Qonun 12-moddasining “b” bandiga muvofiq tayinlangan pensiyalarni toʻlash xarajatlarining oʻrnini qoplovchi pulni ish haqi toʻlashga moʻljallangan mablagʻlar hisobidan Pensiya jamgʻarmasiga oʻtkazadi. Pensioner ushbu Qonunning 7-moddasida nazarda tutilgan yoshga toʻlguniga qadar ushbu Qonunning 14-moddasiga muvofiq tayinlangan pensiyalarni toʻlash Pensiya jamgʻarmasiga ajratiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.