Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida 11-modda. Shaharcha, qishloq va ovuldagi mahalla fuqarolar yigʻinining vakolatlari

Shaharcha, qishloq va ovuldagi mahalla fuqarolar yigʻini tegishli ravishda shaharcha, qishloq va ovuldagi mahalla fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining vakolatlariga qonun hujjatlari bilan berilgan istalgan masalani oʻzi koʻrib chiqish uchun olish va hal etish huquqiga ega. Shaharcha, qishloq va ovuldagi mahalla fuqarolar yigʻini: fuqarolar yigʻinining raisini (oqsoqolini) va uning maslahatchilarini, fuqarolar yigʻini faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha komissiyalarning raislarini va aʼzolarini saylaydi, yilning har choragida ularning hisobotlarini eshitadi; raisning (oqsoqolning) maslahatchilari va fuqarolar yigʻini Kengashi devonining miqdor tarkibini belgilaydi, raisning (oqsoqolning) taqdimnomasiga muvofiq fuqarolar yigʻinining masʼul kotibini tayinlaydi; qonunlarga rioya etilishi hamda boshqa qonun hujjatlari va oʻz qarorlari, shuningdek shaharcha, qishloq va ovul fuqarolar yigʻinining qarorlari ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi; pul mablagʻlarining sarflanishi ustidan nazoratni tashkil etadi, fuqarolar yigʻinining taftish komissiyasini saylaydi, komissiya toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlaydi, yilning har choragida uning hisobotlarini eshitadi; hududlarni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish boʻyicha tadbirlar rejasini belgilangan tartibda tasdiqlaydi; kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam koʻrsatish va bolali muhtoj oilalarga nafaqalar tayinlash masalalarini hal etadi, oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadlari uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ajratiladigan mablagʻlardan oʻz oʻrnida va samarali foydalanilishini taʼminlaydi; qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.