Fuqarolik kodeksi (birinchi qism) 216-modda. Umumiy mulk tushunchasi va uning vujudga kelish asoslari

Ikki yoki undan ortiq shaxsning egaligida boʻlgan mol-mulk ularga umumiy mulk huquqi asosida tegishli boʻladi. Mol-mulk mulkdorlardan har birining mulk huquqidagi ulushi aniqlab qoʻyilgan (ulushli mulk) yoki bunday ulushlar aniqlab qoʻyilmagan (birgalikdagi mulk) holda umumiy mulk boʻlishi mumkin. Umumiy mulk boʻlgan mol-mulk ulushlarga boʻlinadi, qonunda bu mol-mulkning birgalikdagi mulkni tashkil etishi nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Umumiy birgalikdagi mulk oʻz vazifasini oʻzgartirmagan holda taqsimlanishi mumkin boʻlmagan (boʻlinmaydigan ashyolar) yoki qonunga koʻra taqsimlanishi mumkin boʻlmagan mol-mulk ikki yoki undan ortiq shaxs mulkiga oʻtgan paytda vujudga keladi. Taqsimlanadigan mol-mulkning umumiy birgalikdagi mulkligi qonunchilikda yoki shartnomada nazarda tutilgan hollarda vujudga keladi. Birgalikdagi mulk ishtirokchilarining kelishuviga muvofiq, kelishuvga erishilmagan taqdirda esa — sudning qaroriga muvofiq umumiy mol-mulk bu shaxslarning ulushli mulki qilib belgilab qoʻyilishi mumkin.