Fuqarolik kodeksi (birinchi qism) 274-modda. Garovga qoʻyilgan mol-mulkni saqlash va asrash

Agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, garovga qoʻyuvchi yoki garovga oluvchi garovga qoʻyilgan mol-mulk kimdaligiga qarab (ushbu Kodeksning 269-moddasi ): 1) garovga qoʻyilgan mol-mulk yoʻqolishi yoki shikastlanishi xavfidan uning toʻla qiymati boʻyicha, bordi-yu mol-mulkning toʻla qiymati garov bilan taʼminlangan talabning miqdoridan oshib ketsa, talab miqdoridan kam boʻlmagan summaga garovga qoʻyuvchi hisobidan sugʻurtalashi; 2) garovga qoʻyilgan mol-mulkning asralishini taʼminlash uchun, shu jumladan uni uchinchi shaxslarning tajovuzlari va talablaridan himoya qilish uchun zarur choralarni koʻrishi; 3) garovga qoʻyilgan mol-mulk yoʻqolishi yoki uning shikastlanishi xavfi paydo boʻlganligi toʻgʻrisida ikkinchi tarafni darhol ogohlantirishi shapt. Garovga oluvchi va garovga qoʻyuvchi ikkinchi tarafdagi garovga qoʻyilgan mol-mulkning mavjudligini, miqdorini, holatini va uni saqlash sharoitlarini hujjatlar asosida va amalda tekshirishga haqli. Garovga oluvchi ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan burchlarni garovga qoʻyilgan mol-mulkning yoʻqolish yoki shikastlanish xavfini tugʻdiradigan darajada qoʻpol suratda buzganida garovga qoʻyuvchi garovni muddatidan oldin bekor qilishni talab qilishga haqli.