Garovga oluvchi garov bilan taʼminlangan majburiyatni quyidagi hollarda muddatidan ilgari bajarishni talab qilishga haqli: 1) agar garov narsasi garovga qoʻyuvchida qoldirilgan boʻlib, garov toʻgʻrisidagi shartnoma buzilgan holda uning egaligidan chiqqan boʻlsa; 2) garovga qoʻyuvchi garov narsasini almashtirish qoidalarini buzgan boʻlsa (ushbu Kodeksning 276-moddasi ); 3) garov narsasi garovga oluvchi javob bermaydigan vaziyatlarda yoʻqolgan boʻlsa, agar garovga qoʻyuvchi ushbu Kodeks 276-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqdan foydalanmagan boʻlsa. Garovga oluvchi quyidagi hollarda garov bilan taʼminlangan majburiyatni muddatidan ilgari bajarishni talab qilishga, agar uning talabi qondirilmasa, undiruvni garov narsasiga qaratishga haqli: 1) garovga qoʻyuvchi navbatdagi garov qoidasini buzgan boʻlsa (ushbu Kodeksning 273-moddasi ); 2) garovga qoʻyuvchi garovga qoʻyilgan mol-mulkni saqlash va asrash yuzasidan ushbu Kodeks 274-moddasi birinchi qismining 1 va 2 -bandlarida hamda ikkinchi qismida nazarda tutilgan burchlarni bajarmasa; 3) garovga qoʻyuvchi garovga qoʻyilgan mol-mulkni tasarruf etish qoidalarini buzsa (ushbu Kodeks 277-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlari); 4) boshqa kreditorlar tomonidan undiruv garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratilganda, shu jumladan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari majburiy ijro etilganda.