Fuqarolik kodeksi (birinchi qism) 8-modda. Fuqarolik huquq va burchlarining vujudga kelish asoslari

Fuqarolik huquq va burchlari qonunchilikda nazarda tutilgan asoslardan, shuningdek fuqarolar hamda yuridik shaxslarning, garchi qonunchilikda nazarda tutilgan boʻlmasa-da, lekin fuqarolik qonunchiligining umumiy negizlari va mazmuniga koʻra fuqarolik huquq hamda burchlarni keltirib chiqaradigan harakatlaridan vujudga keladi. Fuqarolik huquq va burchlari quyidagilardan vujudga keladi: 1) qonunda nazarda tutilgan shartnomalar va boshqa bitimlardan, shuningdek garchi qonunda nazarda tutilgan boʻlmasa-da, lekin unga zid boʻlmagan shartnomalar va boshqa bitimlardan; 2) qonunda fuqarolik huquq va burchlari vujudga kelishining asosi sifatida nazarda tutilgan davlat organlarining yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hujjatlaridan; 3) sudning fuqarolik huquq va burchlarini belgilagan qaroridan; 4) qonun yoʻl qoʻyadigan asoslarda mol-mulk olish natijasida; 5) fan, adabiyot, sanʼat asarlarini yaratish, ixtirolar va boshqa intellektual faoliyat natijasida; 6) boshqa shaxsga zarar yetkazish natijasida; 7) asossiz boyib ketish natijasida; 8) fuqarolar va yuridik shaxslarning boshqa harakatlari natijasida; 9) qonunchilik fuqarolik-huquqiy oqibatlarning kelib chiqishi bilan bogʻlaydigan hodisalar natijasida. Davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi shart boʻlgan mol-mulkka boʻlgan huquqlar, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, unga boʻlgan tegishli huquqlar roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan boshlab vujudga keladi.