Agar uchinchi shaxs oldi-sotdi shartnomasi bajarilgunga qadar yuzaga kelgan asos boʻyicha tovarni olib qoʻyish toʻgʻrisida sotib oluvchiga daʼvo qilsa, sotib oluvchi sotuvchini ishda qatnashishga jalb qilishi, sotuvchi esa bu ishda sotib oluvchi tomonida qatnashishi shart. Agar sotuvchi basharti ishda qatnashganida sotilgan tovar sotib oluvchidan olib qoʻyilishining oldini olgan boʻlishi mumkinligini isbotlab bersa, sotib oluvchining sotuvchini ishda qatnashishga jalb qilmasligi sotuvchini sotib oluvchi oldidagi javobgarlikdan ozod qiladi. Sotib oluvchi tomonidan ishda qatnashishga jalb qilingan, biroq unda qatnashmagan sotuvchi sotib oluvchining ishni notoʻgʻri yuritganligini isbotlash huquqidan mahrum boʻladi.