Agar qonunchilik yoki oldi-sotdi shartnomasining shartlaridan tovar bahosini muayyan muddatda toʻlash majburiyati kelib chiqmasa, sotib oluvchi uni sotuvchi oʻziga tovarni yoki ushbu tovarni tasarruf qilish hujjatlarini berganidan soʻng kechiktirmasdan toʻlashi lozim. Agar oldi-sotdi shartnomasida tovar haqini boʻlib-boʻlib toʻlash nazarda tutilgan boʻlmasa, sotib oluvchi sotuvchiga topshirilgan tovarning toʻliq bahosi miqdorida haq toʻlashi lozim. Agar sotib oluvchi oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq topshirilgan tovar haqini oʻz vaqtida toʻlamasa, sotuvchi tovar haqini va oʻzganing pul mablagʻlaridan foydalanganlik uchun foizlar toʻlashni talab qilishga haqli. Agar sotib oluvchi oldi-sotdi shartnomasini buzgan holda tovarni qabul qilish va haqini toʻlashdan bosh tortsa, sotuvchi oʻz ixtiyoriga koʻra tovar haqini toʻlashni talab qilish yoki shartnomani bajarishdan bosh tortish huquqiga ega. Sotuvchi oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq sotib oluvchiga haqi toʻlanmagan tovarlardan tashqari boshqa tovarlarni ham topshirishi lozim boʻlganida, agar qonunchilik yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, u ushbu tovarlarni topshirishni avval topshirilgan barcha tovarlar haqi batamom toʻlangunga qadar toʻxtatib qoʻyishga haqli.