Ijaraga beruvchi ijaraga topshirilgan mol-mulkning undan foydalanishga toʻliq yoki qisman toʻsqinlik qiladigan kamchiliklari uchun, hatto u shartnoma tuzish vaqtida bular haqida bilmagan boʻlsa ham, javobgardir. Bunday kamchiliklar aniqlanganda ijarachi oʻz xohishiga koʻra: ijaraga beruvchidan yo mol-mulkdagi kamchiliklarni tekinga bartaraf etishni yoki mol-mulkdan foydalanganlik haqini mutanosib kamaytirishni yoxud mol-mulkdagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun qilgan oʻz xarajatlarini qoplashni talab qilishga; ijaraga beruvchini oldindan ogohlantirgan holda oʻsha kamchiliklarni bartaraf etishga sarflagan xarajatlari summasini mol-mulkdan foydalanganlik uchun toʻlanadigan haqdan bevosita chegirib qolishga; shartnomani muddatidan oldin bekor qilishni talab qilishga haqli. Ijaraga oluvchining talablaridan yoki uning mol-mulkdagi kamchiliklarni ijaraga beruvchi hisobidan bartaraf etish niyatidan xabardor qilingan ijaraga beruvchi ijaraga topshirilgan mol-mulkni tegishli holatda boʻlgan boshqa shunday mol-mulk bilan darhol almashtirib berishi yoki mol-mulkdagi kamchilikni tekinga bartaraf etishi mumkin. Agar ijaraga oluvchining talablarini qanoatlantirish yoxud uning kamchiliklarni bartaraf etish xarajatlarini mol-mulkdan foydalanganlik uchun toʻlanadigan haqdan chegirib qolishi ijaraga oluvchi koʻrgan zararni qoplamasa, u zararning qoplanmagan qismini toʻlashni talab qilishga haqli. Shartnoma tuzish vaqtida ijaraga beruvchi oldindan aytib qoʻygan yoki ijaraga oluvchiga oldindan maʼlum boʻlgan yoxud shartnomani tuzishda yoki mol-mulkni ijaraga topshirish paytida uni koʻzdan kechirganda yoxud uning sozligini tekshirganda ijaraga oluvchi aniqlashi kerak boʻlgan kamchiliklar uchun ijaraga beruvchi javobgar boʻlmaydi.