Fuqarolik kodeksi (ikkinchi qism) 543-modda. Ijaraga topshirilayotgan mol-mulkka nisbatan uchinchi shaxslarning huquqlari

Mol-mulkning ijaraga topshirilishi bu mol-mulkka nisbatan uchinchi shaxslarning huquqlari bekor boʻlishi yoki oʻzgarishi uchun asos boʻlmaydi. Shartnoma tuzishda ijaraga beruvchi ijaraga oluvchini ijaraga topshirilayotgan mol-mulkka nisbatan uchinchi shaxslarning barcha huquqlari (servitut, garov huquqi va hokazolar) haqida ogohlantirishi lozim. Ijaraga beruvchi tomonidan bu majburiyatning bajarilmasligi ijaraga oluvchiga mol-mulkdan foydalanganlik uchun toʻlanadigan haqni kamaytirishni yoxud shartnomani bekor qilish va zararni toʻlashni talab qilish huquqini beradi.