Fuqarolik kodeksi (ikkinchi qism) 872-modda. Taraflar oʻzgarganida kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasining oʻz kuchida qolishi

Litsenziya kompleksiga kiruvchi biron-bir alohida huquqning boshqa shaxsga oʻtishi kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻlmaydi. Yangi litsenziar oʻziga oʻtgan alohida huquq jumlasiga kiruvchi huquqlar va majburiyatlar boʻyicha shartnomaga kirishadi. Litsenziar fuqaro vafot etgan taqdirda, uning kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi boʻyicha huquq va majburiyatlari merosxoʻrga, basharti bu merosxoʻr tadbirkor sifatida roʻyxatga olingan boʻlsa yoki meros ochilgan kundan eʼtiboran olti oy mobaynida tadbirkor sifatida roʻyxatga olinsa, oʻtadi. Aks holda shartnoma bekor qilinadi. Merosxoʻr tegishli huquq va majburiyatlarni qabul qilib olguncha yoki merosxoʻr tadbirkor sifatida roʻyxatga olinguncha boʻlgan davrda litsenziya kompleksini notarius tomonidan belgilangan tartibda tayinlanadigan boshqaruvchi idora qiladi.