Fuqarolik protsessual kodeksi 108-modda. Daʼvoni taʼminlashning bir turini boshqasi bilan almashtirish

Sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlarini eshitib, daʼvoni taʼminlashning bir turini boshqasi bilan almashtirishi mumkin. Daʼvoni taʼminlash turini almashtirish ishda ishtirok etayotgan shaxsning iltimosnomasiga koʻra, ishni koʻrib chiqayotgan sud tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Daʼvoni taʼminlashning bir turini boshqasi bilan almashtirish toʻgʻrisidagi masala ishda ishtirok etuvchi shaxslar xabardor qilingan holda sud majlisida hal etiladi. Biroq bu shaxslarning kelmaganligi daʼvoni taʼminlashning bir turini boshqasi bilan almashtirish masalasini koʻrib chiqish uchun toʻsqinlik qilmaydi. Pul summasini undirish toʻgʻrisidagi daʼvoni taʼminlashda javobgar qoʻllanilgan taʼminlash choralari oʻrniga daʼvogar talab qilayotgan summani sudning depozit hisobvaragʻiga oʻtkazishga haqli. Daʼvoni taʼminlash turini almashtirish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ajrim chiqariladi.