Barcha sudlarda ishlar muhokamasi oshkora oʻtkaziladi. Davlat siriga, farzandlikka olish siriga taalluqli maʼlumotlar mavjud boʻlgan ishlar boʻyicha va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ishning muhokamasi yopiq sud majlisida oʻtkaziladi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning shaxsiy hayoti toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oshkor boʻlishining oldini olish, yozishmalar sirini va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni saqlash maqsadida yopiq sud muhokamasi oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyiladi. Ish sudning yopiq majlisida koʻrilayotganida ishda ishtirok etuvchi shaxslar, zarur hollarda esa guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlar ham hozir boʻladi. Ishni sudning yopiq majlisida eshitish fuqarolik sud ishlari yuritishning barcha qoidalariga rioya qilingan holda olib boriladi. Sudning yopiq majlisida videokonferensaloqa tizimidan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi. Sudning hal qiluv qarori barcha hollarda oshkora oʻqib eshittiriladi. Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari taraflarning roziligi bilan yoki shaxsini koʻrsatmagan tarzda sudning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi mumkin, bundan sudning yopiq majlisida qabul qilingan sud hujjatlari mustasno.