Fuqarolik protsessual kodeksi 20-modda. Ishni koʻrishda sudyaning takror ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmasligi

Ishni birinchi instansiya sudida koʻrgan sudya, agar sudning hal qiluv qarori apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish instansiyasi sudi tomonidan bekor qilingan boʻlsa, bu ishni takroran koʻrishi mumkin emas, bundan yangi ochilgan holatlar boʻyicha ishlarni koʻrish, shuningdek sirtdan ish yuritish tartibida qabul qilingan hal qiluv qarorini qayta koʻrish hollari mustasno. Ishni birinchi instansiya sudida koʻrgan sudya shu ishni apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish instansiyasi sudida koʻrishda ishtirok etishi mumkin emas. Ishni apellyatsiya instansiyasi sudida koʻrishda ishtirok etgan sudya shu ishni birinchi instansiya, kassatsiya yoki taftish instansiyasi sudida koʻrishda ishtirok etishi mumkin emas. Ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrishda ishtirok etgan sudya shu ishni birinchi instansiya, apellyatsiya yoki taftish instansiyasi sudida koʻrishda ishtirok etishi mumkin emas. Ishni taftish instansiyasi sudida koʻrishda ishtirok etgan sudya shu ishni birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudida, shuningdek ishni yuqori instansiya sudida taftish tartibida qayta koʻrishda ishtirok etishi mumkin emas.