Fuqarolik protsessual kodeksi 208-modda. Sud majlisi

Ish muhokamasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarni albatta xabardor qilgan holda sudning ochiq majlisida oʻtadi. Yopiq sud majlislari qonunda nazarda tutilgan hollarda ishda ishtirok etuvchi shaxslarning talabiga yoki sudning tashabbusiga koʻra oʻtkaziladi. Ochiq sud majlislari videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilishi mumkin. Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan sudning videokonferensaloqa rejimidagi majlisida bevosita ishtirok etish ogʻzaki shaklda oʻtkaziladigan sud majlisida ishtirok etishga tenglashtiriladi. Sudning tashabbusiga koʻra yoki sud protsessi ishtirokchilarining iltimosnomasi bilan sud majlisining audio- yoki videoyozuvi olib borilishi mumkin. Sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish zarur boʻlgan taqdirda, shuningdek sud majlisida audio- yoki videoyozuvi vositalaridan foydalanilganda sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarni va sud protsessining boshqa ishtirokchilarini bu haqda ogohlantiradi. Sud protsessi ishtirokchilari va sud majlisi zalida hozir boʻlganlar yozma qaydlar qilish huquqiga ega. Sud majlisini fototasvirga tushirish, audio- va videoyozuvini amalga oshirish, shuningdek ommaviy axborot vositalarida translyatsiya qilinishiga taraflarning roziligi va sud majlisida raislik qiluvchining ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi. Ishni yopiq sud majlisida muhokama qilish toʻgʻrisida ajrim chiqarilganda yopiq sud majlisida ishtirok etayotgan shaxslar sud muhokamasi maʼlumotlarini hamda tafsilotlarini sudning ruxsatisiz oshkor qilmaslik toʻgʻrisida ogohlantirilib, ulardan tilxat olinadi. Tilxatda mazkur majburiyatni buzganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 239-moddasiga muvofiq javobgarlik haqidagi ogohlantirish ham aks ettiriladi.