Fuqarolik protsessual kodeksi 229-modda. Guvohni soʻroq qilish tartibi

Har bir guvoh alohida soʻroq qilinadi. Soʻroq qilinmagan guvohlar ishni muhokama qilish vaqtida sud majlisi zalida boʻlishi mumkin emas. Raislik qiluvchi guvohni soʻroq qilishdan oldin uning shaxsini, yoshini, mashgʻuloti turini, ushbu ishga aloqasini hamda taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar bilan oʻzaro munosabatlarini aniqlaydi, shuningdek uni bila turib yolgʻon koʻrsatuv berganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 238-moddasiga muvofiq javobgar boʻlishi toʻgʻrisida ogohlantiradi. Shundan keyin raislik qiluvchi guvohga: “Ish yuzasidan oʻzimga maʼlum boʻlgan barcha maʼlumotlarni sudga aytib berishga qasamyod qilaman. Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni gapirib beraman, haqiqatdan oʻzga narsani gapirmayman” deb oshkora qasamyod qilishni taklif etadi. Guvohdan unga oʻz huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi tushuntirilganligi toʻgʻrisida tilxat olinadi. Qasamyodning matni va tilxat sud majlisi bayonnomasiga qoʻshib qoʻyiladi. Raislik qiluvchi guvohga ish boʻyicha shaxsan oʻzi bilgan barcha maʼlumotlarni sudga aytib berishni taklif qiladi. Shundan soʻng guvohga savollar berilishi mumkin. Guvoh kimning arizasi boʻyicha chaqirilgan boʻlsa, shu shaxs va uning vakili birinchi boʻlib, keyin esa ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar guvohga savollar beradi. Sudning tashabbusi bilan chaqirilgan guvohga savollarni birinchi boʻlib daʼvogar beradi. Sudya (sudyalar) guvohga u soʻroq qilinayotganida istalgan vaqtda savol berishga haqlidir. Soʻroq qilingan guvohlar ishning muhokamasi tamom boʻlguniga qadar sud majlisi zalida qolishi kerak. Sud soʻroq qilingan guvohlar ishning muhokamasi tamom boʻlmasidan oldin sud majlisi zalidan chiqib ketishiga taraflarning roziligi bilan ruxsat berishi mumkin. Zarur boʻlgan taqdirda sud guvohni oʻsha majlisning oʻzida yoki kelgusi majlisda takroran soʻroq qilishi, shuningdek guvohlarning koʻrsatuvlaridagi ziddiyatlarni aniqlash uchun ularni yuzlashtirishi mumkin.