Fuqarolik protsessual kodeksi 249-modda. Hal qiluv qarorini qabul qilish

Sud ishni mazmunan koʻrib chiqish natijalari boʻyicha hal qiluv qarorini qabul qiladi. Sud hal qiluv qarorini Oʻzbekiston Respublikasi nomidan qabul qiladi. Sudning hal qiluv qarori qonuniy, asoslantirilgan va adolatli boʻlishi kerak. U faqat sud majlisida tekshirilgan dalillarga asoslangan boʻlishi kerak. Sudning hal qiluv qarori ishning sud muhokamasi tugaganidan keyin darhol qabul qilinadi. Alohida hollarda, oʻta murakkab ishlar yuzasidan asoslantirilgan hal qiluv qarorini tayyorlash koʻpi bilan besh kunga kechiktirilishi mumkin, ammo hal qiluv qarorining xulosa qismini sud ishning muhokamasi tugallangan majlisning oʻzidayoq eʼlon qilishi kerak. Ayni vaqtda sud ishda ishtirok etuvchi shaxslar asoslantirilgan hal qiluv qarori bilan qachon tanishib chiqishi mumkinligini eʼlon qiladi. Hal qiluv qarorining eʼlon qilingan xulosa qismi sudya tomonidan imzolanadi va ishga qoʻshib qoʻyiladi.