Sudya rad qilingan taqdirda ish fuqarolik ishlari boʻyicha shu tumanlararo, tuman (shahar) sudida, lekin boshqa sudya tomonidan koʻriladi yoki koʻrish uchun fuqarolik ishlari boʻyicha boshqa tumanlararo, tuman (shahar) sudiga oʻtkaziladi. Ish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudida, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarida koʻrilayotganda sudya yoki sudning butun tarkibi rad qilingan taqdirda, ish shu sudning oʻzida, lekin sudning boshqa tarkibida koʻriladi. Agar Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudida, viloyatlar yoki Toshkent shahar sudlarida ushbu Kodeksning 21-moddasida koʻrsatilgan sabablarga koʻra rad qilish qanoatlantirilganidan keyin mazkur ishni koʻrish uchun sudning yangi tarkibini tuzish imkoni boʻlmasa, ish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga oʻtkazilishi kerak. Bunday holda ish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudida koʻriladi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining farmoyishiga binoan boshqa tegishli sudga koʻrish uchun yuboriladi.