Fuqarolik protsessual kodeksi 262-modda. Qoʻshimcha hal qiluv qarori

Ish boʻyicha hal qiluv qarorini qabul qilgan sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizasiga koʻra yoki oʻz tashabbusi bilan quyidagi hollarda qoʻshimcha hal qiluv qarori chiqarishi mumkin, agar: 1) huquq toʻgʻrisidagi masalani hal qilib, undiriladigan summaning miqdorini, olib berilishi kerak boʻlgan mol-mulkni yoki javobgar amalga oshirishi shart boʻlgan harakatlarni koʻrsatmagan boʻlsa; 2) arz qilingan talablarning birortasi boʻyicha ishda ishtirok etuvchi shaxslar dalillar taqdim etgan va tushuntirishlar bergan boʻlsalarda, biroq bu xususda hal qiluv qarori qabul qilinmagan boʻlsa; 3) hal qiluv qarorida sud xarajatlarini taqsimlash koʻrsatilmagan boʻlsa. Qoʻshimcha hal qiluv qarorini chiqarish toʻgʻrisidagi masala hal qiluv qarori chiqarilgan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay qoʻzgʻatilishi mumkin. Qoʻshimcha hal qiluv qarorini qabul qilish toʻgʻrisidagi masala ishda ishtirok etuvchi shaxslar xabardor qilingan holda sud majlisida koʻrib chiqiladi. Biroq bu shaxslarning kelmaganligi masalani koʻrib chiqish uchun toʻsqinlik qilmaydi. Qoʻshimcha hal qiluv qarori ustidan asosiy hal qiluv qarori bilan birga shikoyat qilinishi va protest keltirilishi mumkin. Qoʻshimcha hal qiluv qarori asosiy hal qiluv qarori bilan birga qonuniy kuchga kiradi. Qoʻshimcha hal qiluv qarorini chiqarish rad etilgan taqdirda, ajrim chiqariladi. Qoʻshimcha hal qiluv qarorini chiqarishni rad etish haqidagi sudning ajrimi ustidan xususiy shikoyat (protest) berilishi mumkin.