Fuqarolik protsessual kodeksi 267-modda. Hal qiluv qarorining darhol ijro etilishiga sudning yoʻl qoʻyish huquqi

Sud quyidagi: hal qiluv qarorlari butunlay yoki qisman darhol ijro etilishiga yoʻl qoʻyishi mumkin: 1) daʼvogar va javobgar chiqarilgan hal qiluv qaroriga hamda uning darhol ijro etilishiga rozi boʻlgan hollarda; 2) muallifning intellektual faoliyati natijalaridan foydalanganlik uchun unga haq undirib berish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori; 3) alohida holatlar natijasida hal qiluv qarorining ijrosini kechiktirish undiruvchi uchun koʻp zarar keltirishi mumkin boʻlgan yoki ijro etish mumkin boʻlmay qolgan barcha boshqa ishlar boʻyicha. Ushbu modda birinchi qismining 1-bandida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha darhol ijro etilishiga yoʻl qoʻyilgan taqdirda, taraflarning roziligi sud majlisining bayonnomasiga kiritiladi. Agar taraflarning roziligi sud nomiga yuborilgan yozma arizalarda bayon etilgan boʻlsa, bu arizalar ishga qoʻshib qoʻyiladi, bu haqda sud majlisining bayonnomasida koʻrsatiladi. Ushbu modda birinchi qismining 3-bandida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha darhol ijro etilishiga yoʻl qoʻyilganida sud daʼvogardan sudning qarori bekor qilingan taqdirda, hal qiluv qarorining qaytarma ijrosini taʼminlashni talab qilishi mumkin. Apellyatsiya shikoyati berish (protest keltirish) muddati ichida hal qiluv qarori chiqarilganidan soʻng hal qiluv qarorining darhol ijro etilishiga yoʻl qoʻyish toʻgʻrisidagi masala ishda ishtirok etuvchi shaxslar xabardor qilingan holda sud majlisida koʻrib chiqiladi. Biroq ushbu shaxslarning kelmaganligi darhol ijro etish toʻgʻrisidagi masalani hal qilish uchun toʻsqinlik qilmaydi. Hal qiluv qarorini darhol ijro etish toʻgʻrisidagi masalani koʻrish natijalari boʻyicha ajrim chiqariladi. Hal qiluv qarorini darhol ijro etish toʻgʻrisidagi masala boʻyicha sudning ajrimi ustidan xususiy shikoyat (protest) berilishi mumkin. Hal qiluv qarorini darhol ijro etish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan berilgan xususiy shikoyat (protest) bu ajrimning ijrosini toʻxtatmaydi.