Eʼlon qilingan ish tashlashning boshlanish vaqtini kechiktirish toʻgʻrisidagi, ish tashlashni toʻxtatib turish haqidagi, ish tashlashni noqonuniy deb topish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi ushbu Kodeksning 189-moddasida nazarda tutilgan talablarga muvofiq boʻlishi kerak. Daʼvo arizasida quyidagilar ham koʻrsatilishi kerak: 1) ish tashlash oʻtkazilayotgan tashkilotning nomi; 2) ish tashlashni eʼlon qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sana, ish tashlash amalga oshiriladigan (amalga oshirilayotgan, amalga oshirilgan) sana va joy; 3) daʼvogarning fikriga koʻra, ish tashlash tufayli buzilayotgan huquqlar, erkinliklar va qonuniy manfaatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar; 4) daʼvogarning fikriga koʻra, ish tashlash qaysi qonun hujjatlariga zid boʻlsa, oʻsha qonun hujjatlari. Eʼlon qilingan ish tashlashning boshlanish vaqtini kechiktirish toʻgʻrisidagi, ish tashlashni toʻxtatib turish haqidagi daʼvo arizasida ish tashlashni kechiktirish yoki toʻxtatib turish muddati ham koʻrsatilishi lozim. Daʼvo arizasiga ushbu Kodeksning 191-moddasida koʻrsatilgan hujjatlar, shuningdek ish tashlashni eʼlon qilish toʻgʻrisidagi qaror ilova qilinadi.