Fuqarolik protsessual kodeksi 286-modda. Sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorini qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi arizaning mazmuni

Sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorini qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi arizada quyidagilar boʻlishi kerak: 1) sirtdan hal qiluv qarori qabul qilgan sudning nomi; 2) ariza berayotgan javobgarning familiyasi, ismi, otasining ismi (nomi), yashash joyi (joylashgan yeri, pochta manzili); 3) sud majlisiga uzrli sabablarga koʻra kelmaganlikdan dalolat beruvchi holatlarning roʻyxati va ularni tasdiqlovchi dalillar, shuningdek sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorining mazmuniga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan dalillar roʻyxati; 4) ariza beruvchi javobgarning iltimosi; 5) arizaga ilova qilingan materiallarning roʻyxati. Sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorini qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi ariza javobgar yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorini qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi ariza ishda ishtirok etuvchi shaxslarning soniga mutanosib miqdordagi koʻchirma nusxalari bilan birga sudga beriladi, bundan elektron hujjat tarzida yuboriladigan ariza mustasno. Ariza uchun davlat boji toʻlanmaydi.