Fuqarolik protsessual kodeksi 31-1-modda. Ish materiallarini sudga taalluqliligiga koʻra fuqarolik ishlari boʻyicha suddan boshqa sudga oʻtkazish

Talab fuqarolik ishlari boʻyicha sudga taalluqlilik qoidalari buzilgan holda taqdim etilgan taqdirda, daʼvo arizasi (ariza) taalluqliligiga koʻra iqtisodiy sudga yoki maʼmuriy sudga koʻrib chiqish uchun oʻtkaziladi. Agar ishni koʻrib chiqish jarayonida daʼvo arizasi (ariza) sudga taalluqlilik qoidalari buzilgan holda ish yuritishga qabul qilinganligi aniqlansa, fuqarolik ishlari boʻyicha sud ish materiallarini sudga taalluqliligiga koʻra iqtisodiy sudga yoki maʼmuriy sudga koʻrib chiqish uchun oʻtkazish va fuqarolik sud ishini yuritishni tugatish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi. Daʼvo arizasini (arizani), ish materiallarini sudga taalluqliligiga koʻra boshqa sudga oʻtkazish toʻgʻrisidagi fuqarolik ishlari boʻyicha sud ajrimi ustidan xususiy shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin. Fuqarolik ishlari boʻyicha suddan taalluqliligiga koʻra boshqa sudga oʻtkazilgan daʼvo arizasi (ariza), ish materiallari oʻziga oʻtkazilgan sud tomonidan qabul qilib olinishi kerak. Oʻzbekiston Respublikasida sudlar oʻrtasida sudga taalluqlilik toʻgʻrisidagi nizolarga yoʻl qoʻyilmaydi.