Fuqarolik protsessual kodeksi 322-modda. Ishni koʻrib chiqish

Shaxsni sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining ixtisoslashtirilgan boʻlimiga gʻayriixtiyoriy tartibda yotqizish toʻgʻrisidagi yoki uning ushbu muassasada yotishi muddatini uzaytirish haqidagi ish sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan shaxsni sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining ixtisoslashtirilgan boʻlimiga gʻayriixtiyoriy tartibda yotqizish toʻgʻrisida yoki uning ushbu muassasada yotishi muddatini uzaytirish haqida ariza berilgan kundan eʼtiboran uch kunlik muddatda sud tomonidan mazkur shaxs dispanser hisobida turgan yoxud davolanayotgan sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining vakili — tibbiy komissiyasi aʼzosi, sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan shaxsning vakili, shuningdek prokuror ishtirokida koʻrib chiqiladi. Sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan, ishi sudda koʻrib chiqilayotgan shaxs, agar uning sogʻligʻi holati imkon bersa, sud majlisiga chaqirilishi mumkin. Sil kasalligiga qarshi kurash muassasasi vakilining — tibbiy komissiyasi aʼzosining, sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan shaxs vakilining sud majlisiga uzrsiz sababga koʻra kelmaganligi ishni koʻrib chiqishga monelik qilmaydi, biroq sud bu shaxslarning kelishini shart deb topishi mumkin.