Fuqarolik protsessual kodeksi 349-modda. Hakamlik sudining hal qiluv qarori yuzasidan nizolashish

Hakamlik muhokamasi tarafi hakamlik sudining fuqarolik ishlari boʻyicha sudga taalluqli nizoga doir hal qiluv qarori yuzasidan ushbu qarorni olgan kundan eʼtiboran oʻttiz kun ichida, huquqlari va majburiyatlari haqida hakamlik sudi hal qiluv qarorini qabul qilgan, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslar esa hakamlik sudi hal qiluv qarori qabul qilinganligi ularga maʼlum boʻlgan kundan eʼtiboran oʻttiz kun ichida fuqarolik ishlari boʻyicha sudga hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisida ariza berish yoʻli bilan nizolashishi mumkin. Hakamlik sudining fuqarolik ishlari boʻyicha sudga taalluqli nizoga doir hal qiluv qarori yuzasidan huquqlari va majburiyatlari haqida hakamlik sudi hal qiluv qarorini qabul qilgan, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslar ham nizolashishi mumkin. Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza hakamlik sudining hal qiluv qarori qabul qilingan joydagi fuqarolik ishlari boʻyicha sudga beriladi. Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisida ariza berilganligi hakamlik sudi hal qiluv qarorining ijrosi yuzasidan ish yuritishni fuqarolik ishlari boʻyicha sud tomonidan nizo boʻyicha ish yuritish tugallanguniga qadar toʻxtatib turadi.