Fuqarolik protsessual kodeksi 363-modda. Chet davlat sudlarining sudga doir topshiriqlarini ijro etish va Oʻzbekiston Respublikasi sudlarining chet davlat sudlariga topshiriqlar bilan murojaat qilishi

Oʻzbekiston Respublikasi sudlari chet davlat sudlarining ayrim protsessual harakatlarni (chaqiruv qogʻozlari va boshqa hujjatlarni topshirish, taraflar va guvohlarni soʻroq qilish, ekspertiza oʻtkazish, joyida koʻzdan kechirish va hokazo) bajarish toʻgʻrisida belgilangan tartibda bergan topshiriqlarini ijro etadi. Bundan quyidagi hollar mustasno: 1) topshiriqni ijro etish Oʻzbekiston Respublikasi suverenitetiga, xavfsizligiga zarar yetkazsa yoki qonunchilikning asosiy prinsiplariga zid boʻlsa; 2) topshiriqni ijro etish sudning vakolati doirasiga kirmasa. Chet davlat sudlarining ayrim protsessual harakatlarni bajarish toʻgʻrisidagi topshiriqlari Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi asosida ijro etiladi. Oʻzbekiston Respublikasi sudlari chet davlat sudlariga ayrim protsessual harakatlarni bajarish toʻgʻrisida topshiriqlar bilan murojaat qilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi sudlarining chet davlat sudlari bilan aloqada boʻlish tartibi Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi hamda xalqaro shartnomalari bilan belgilanadi.

42-bob. Chet davlat sudlarining va chet davlat hakamlik sudlarining (arbitrajlarining) hal qiluv qarorlarini tan olish hamda ijro etish