Apellyatsiya, kassatsiya, taftish instansiyasi sudining ajrimida, qarorida quyidagilar koʻrsatilishi kerak: 1) ishning raqami, ajrim, qaror chiqarilgan vaqt va joy; 2) ajrim, qaror qabul qilgan sudning nomi va tarkibi; 3) taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning ishtiroki toʻgʻrisidagi maʼlumotlar; 4) ish kimning shikoyati (protesti) boʻyicha koʻrib chiqilganligi; 5) shikoyat qilingan (protest keltirilgan) sud hujjatining nomi va uning qisqacha mazmuni; 6) shikoyatda (protestda) bayon etilgan vajlar, taqdim etilgan materiallarning qisqacha mazmuni, ishni koʻrishda ishtirok etgan shaxslarning tushuntirishlari, prokurorning fikri; 7) apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish instansiyasi sudi xulosaga kelishiga asos boʻlgan sabablar hamda sud amal qilgan moddiy va protsessual huquq normalariga havola; 8) ajrimning, qarorning xulosa qismi. Apellyatsiya, kassatsiya, taftish instansiyasi sudining ajrimi, qarori ishni koʻrgan sudyalar tomonidan imzolanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining qarori majlisda raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi. Sud shikoyatni (protestni) rad qilgan taqdirda oʻz ajrimida, qarorida qaysi sabablarga koʻra shikoyatdagi (protestdagi) vajlar notoʻgʻri deb yoki sud hujjatini bekor qilish yoxud oʻzgartirish uchun asos boʻlmaydi deb topilganligini koʻrsatishi shart.