Apellyatsiya shikoyati (protesti) sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran bir oy ichida berilishi mumkin. Sudning soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻrib chiqilgan, shuningdek oʻzboshimchalik bilan egallab olingan, davlat mulkida boʻlgan yer uchastkasini qaytarish, oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratni buzib tashlash toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati (protesti) hal qiluv qarori qabul qilinganidan keyin oʻn kun ichida berilishi mumkin. Oʻtkazib yuborilgan muddat, agar iltimosnoma hal qiluv qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran uch oydan kechiktirmay berilgan va muddatni oʻtkazib yuborish sabablari uzrli deb topilgan boʻlsa, apellyatsiya shikoyati (protesti) berayotgan shaxsning iltimosnomasiga koʻra apellyatsiya instansiyasi sudining sudyasi tomonidan tiklanishi mumkin. Apellyatsiya shikoyatini (protestini) berishning oʻtkazib yuborilgan muddatini tiklash haqida apellyatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisidagi ajrimda koʻrsatiladi. Apellyatsiya shikoyatini (protestini) berish muddatini tiklashni rad etish haqida apellyatsiya shikoyatini (protestini) qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimda koʻrsatiladi.