Fuqarolik protsessual kodeksi 400-modda. Birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan xususiy shikoyat (protest) berish huquqi

Taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar, shuningdek ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, huquq va majburiyatlari haqidagi masala sud tomonidan hal etilgan shaxslar birinchi instansiya sudining ajrimlari ustidan sud tomonidan ajrim topshirilgan yoki yuborilgan kundan eʼtiboran yigirma kun ichida apellyatsiya instansiyasi sudiga quyidagi hollarda sudning hal qiluv qaroridan alohida shikoyat qilishi va prokuror protest keltirishi mumkin: 1) ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda; 2) sudning ajrimi ishning keyingi harakatlanishiga toʻsqinlik qiladigan hollarda. Birinchi instansiya sudining boshqa ajrimlari ustidan xususiy shikoyat (protest) berilmaydi, biroq bunday ajrimlarga qarshi eʼtirozlar apellyatsiya shikoyatiga (protestiga) kiritilishi mumkin.