Fuqarolik protsessual kodeksi 407-4-modda. Kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilishni rad etish

Sudya kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilishni quyidagi hollarda rad etadi, agar: 1) kassatsiya shikoyati (protesti) sud hujjati ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) huquqiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan berilgan boʻlsa; 2) kassatsiya shikoyati (protesti) qonunga muvofiq kassatsiya tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin boʻlmagan sud hujjati ustidan berilgan boʻlsa; 3) kassatsiya shikoyati (protesti) kassatsiya tartibida koʻrilgan sud hujjati ustidan berilgan boʻlsa; 4) kassatsiya shikoyatini (protestini) berish muddati oʻtkazib yuborilgan va oʻtkazilgan muddatni tiklash rad etilgan boʻlsa; 5) kassatsiya shikoyatidan (protestidan) uni bergan shaxs voz kechganligi (uni chaqirib olganligi) sababli kassatsiya shikoyati (protesti) boʻyicha ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida ajrim mavjud boʻlsa. Kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimda kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilishni rad etish asoslari koʻrsatiladi, kassatsiya shikoyatini berishda toʻlangan davlat bojini qaytarish toʻgʻrisidagi masala hal etiladi. Kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan taftish shikoyati (protesti) berilishi mumkin. Kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim bekor qilingan taqdirda, shikoyat (protest) sudga dastlab murojaat qilingan kunda berilgan hisoblanadi.