Taftish tartibidagi shikoyatga quyidagilar ilova qilinadi: davlat boji va pochta xarajatlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat; taftish tartibidagi shikoyat vakil tomonidan imzolangan hollarda, uning imzolashga boʻlgan vakolatlarini tasdiqlovchi hujjat. Prokuror ishtirokisiz koʻrilgan ish boʻyicha taftish tartibidagi protestga ushbu Kodeks 419⁴-moddasi birinchi qismining ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan shaxslarning protest keltirishga asos boʻlib xizmat qilgan murojaatining koʻchirma nusxasi ilova qilinadi, bundan qonunda prokurorning ishtirok etishi nazarda tutilgan boʻlib, biroq u sud muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilinmasdan koʻrilgan ishlar mustasno. Taftish tartibidagi shikoyat (protest) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning soniga qarab koʻchirma nusxalari bilan birga sudga taqdim etiladi, bundan elektron hujjat tarzida yuboriladigan taftish tartibidagi shikoyat (protest) mustasno. Zarur hollarda, sudya taftish tartibida shikoyat (protest) bergan shaxs zimmasiga shikoyatga (protestga) ilova qilingan yozma materiallarning koʻchirma nusxalarini ishda ishtirok etuvchi shaxslarning soniga qarab taqdim etish majburiyatini yuklatishi mumkin. Sudning arizani ish yuritishga qabul qilishni rad etish, qaytarish toʻgʻrisidagi, shuningdek apellyatsiya yoki kassatsiya va taftish shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilishni rad etish, qaytarish toʻgʻrisidagi ajrimlari ustidan taftish tartibidagi shikoyatga (protestga) qaytarilgan ariza, shikoyat (protest) va sudga ularni taqdim etish chogʻida unga qoʻshib berilgan hujjatlar ilova qilinishi kerak. Xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi gʻayriqonuniy ravishda bekor qilinganda yoki xodim bir ishdan boshqa ishga gʻayriqonuniy ravishda oʻtkazilganida uni ilgarigi ishiga tiklash toʻgʻrisidagi sudning hal qiluv qarori ustidan taftish tartibidagi shikoyat (protest) ushbu qarorning ijrosiga doir hujjat ilova qilingan taqdirdagina qabul qilinadi.