Fuqarolik protsessual kodeksi 437-modda. Yangi ochilgan holatlar boʻyicha sud hujjatlarini qayta koʻrish asoslari

Qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorlari, ajrimlar va qarorlar yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrilishi mumkin. Hal qiluv qarorlari, ajrimlar va qarorlarni yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish uchun quyidagilar asos boʻladi: 1) arizachiga nomaʼlum boʻlgan va maʼlum boʻlishi mumkin boʻlmagan, lekin ish uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan holatlar, agar ular ishni toʻgʻri hal qilish uchun ahamiyatga ega boʻlsa; 2) sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlangan, qonunga xilof, asossiz yoki adolatsiz qaror chiqarilishiga sabab boʻlgan holatlar, yaʼni guvohning bila turib bergan yolgʻon koʻrsatuvi, ekspertning bila turib bergan yolgʻon xulosasi, atayin notoʻgʻri qilingan tarjima, qalbaki hujjatlar yoki dalillar; 3) taraflarning, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning yoki sudyalarning mazkur ish boʻyicha qonunga xilof, asoslantirilmagan yoxud adolatsiz sud hujjati qabul qilinishiga sabab boʻlgan, sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlangan jinoiy qilmishlari; 4) sud hal qiluv qarorining, hukmining, ajrimining yoki qarorining yoxud shu hal qiluv qarori, ajrim va qaror chiqarilishiga sabab boʻlgan boshqa organ qarorining bekor qilinishi.